Barno Salimova kasbini tubdan o‘zgartirdi, avvalgi yutuq va maqomlarini ortda qoldirib, hamma ishni noldan boshladi. Bugun u jamoat makonlarini yaratmoqda, dizaynda etnik yo‘nalishni rivojlantirmoqda, ma’ruzalar o‘qimoqda va yangi loyihalarda ishtirok etmoqda. Ayol Qadri bilan suhbatda u o‘z qo‘rquvlari, onalik, shaxsiy mablag‘lari, oilasining qo‘llab-quvvatlashi hamda yashashiga yordam beradigan hayot qoidalari haqida so‘zlab berdi.

Barno Salimova
HoReCa sohasida jamoat makonlari dizayneri va etnik yo‘nalish dizayneri, tadbirkor, iqtisod fanlari nomzodi, sertifikatlangan psixolog, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Hamroh dasturlari lektori, mahalliy brendlarning feshn-modeli (foto).
Uning portfelida xorijdagi loyihalar, davlat ahamiyatiga ega obyektlar, Park Inn Mall, Nest One, Tashkent City Malldagi loyihalar va mashhur mijozlar bilan amalga oshirilgan ishlar mavjud.
Qo‘rquv
Shuncha tajribangizga qaramay, hanuz nimadan qo‘rqasiz?
Yashash zerikarli bo‘lib qolishidan qo‘rqaman. Shu sababli doimo atrofimda harakat va o‘zgarish yarataman.
Qaysi qo‘rquv bir paytlar hayotingizni butunlay o‘zgartirgan?
Qizimni dunyoga keltirayotganimda klinik o‘limni boshdan kechirdim. O‘zimga kelib, farzandim onasiz qolishi mumkinligini anglaganimda, hayotim butunlay «oldin» va «keyin»ga bo‘linib ketdi.
Qo‘rqqaningizda odatda oldinga intilasizmi yoki ortga chekinasizmi?
Bir necha bor shunday vaziyatlarga tushganman. O‘sha paytda qo‘rquvni keyinga surib, darhol harakat qilishni boshlaganman. Vaziyat barqarorlashgach esa qo‘rquv meni quvib yetardi va shunda uni to‘liq his qilib, boshdan kechirardim.
Nimani yo‘qotish dahshatliroq: pulni, obro‘ni yoki o‘zingizni?
Eng dahshatlisi — hayotning ma’nosini yo‘qotish.

Shaxsiy arxivdan olingan surat.
Barno Salimova o‘zbek milliy naqshlari tushirilgan ko‘ylakda.
Qurilish sohasida ayol bo‘lishning eng qiyin tomoni nimada?
Dastlab eng qiyini faqat erkaklar ishlayotgan qurilish maydoniga kirish edi. Hozir esa bu endi qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Приходилось ли вам доказывать свою компетентность только потому, что вы женщина?
Yo‘q. Universitetdagi o‘qituvchilik tajribasi meni chiniqtirdi.
Sizga hech qachon: «Bu ayollarning ishi emas», deb aytishganmi? Bunga qanday javob bergansiz?
Mayli, agar ayollarning ishi bo‘lmasa, bo‘lmasin.
Bugungi kunda ayol rahbarlarda hanuz qaysi jihatlar yetarlicha qadrlanmaydi?
Kemani mahkam boshqarayotgan mayin baxmal qo‘lqoplar.
mizoginiya
Sizga nisbatan ayollar erkaklarga qaraganda qattiqqo‘lroq bo‘lgan holatlarga duch kelganmisiz?
Ha, ko‘pincha buning sababi hasad bo‘lgan. Ammo hasadga rivojlanish nuqtasi sifatida qaralsa, u aynan qaysi sohada o‘zingizni rivojlantirishingiz kerakligini ko‘rsatishi mumkin. Har bir tuyg‘uning ijobiy ham, salbiy ham tomoni bor.
Sizningcha, nega ba’zan ayollar boshqa ayollarning eng katta tanqidchisiga aylanadi?
Chunki ular o‘zlariga buni ruxsat bermaydilar. Tanqid mavzusi ko‘pincha aynan o‘zimizni cheklaydigan yoki o‘zimizga taqiqlaydigan narsalarga taalluqli bo‘ladi.
Nima ko‘proq og‘riq beradi — erkaklarning ishonchsizligi yoki ayollarning qoralashi?
Eng og‘rig‘i — boshqalarning fikriga ergashib yashash. Avvalo o‘zingizga ishoning, o‘zingizni qanday bo‘lsangiz, shundayligingizcha qabul qiling, o‘ziga xosligingiz va betakrorligingizni seving. Shundan keyin boshqalar siz haqingizda nima deyayotgani haqida o‘ylashga shunchaki vaqtingiz qolmaydi.

Shaxsiy arxivdan olingan surat.
Erkaklar
Hayotingizda erkaklarning qo‘llab-quvvatlashi qanchalik muhim bo‘lgan?
Juda muhim. Turmush o‘rtog‘im 30 yildan buyon barcha jasoratli g‘oyalarim va tashabbuslarimda meni qo‘llab-quvvatlab keladi. Men buning uchun undan juda minnatdorman. Ehtimol, usiz siz bugun suhbatlashayotgan inson bo‘la olmasdim.
Qaynotam ham meni doimo qo‘llab-quvvatlagan. U o‘n yil avval vafot etdi va men uni uzoq vaqt qalbimdan qo‘yib yubora olmadim. Yaqin vaqtgacha uning qabriga tez-tez yolg‘iz borib, shunchaki yonida o‘tirardim.
Erkaklardan kim sizga eng katta ta’sir ko‘rsatgan?
Mening qaynotam va turmush o‘rtog‘im. Men qaynotamni doimo dada deb atardim. O‘z otam bilan 19 yil yashagan bo‘lsam, ikkinchi dadam — qaynotam bilan 21 yil birga hayot kechirdim.
Bugun sizga erkaklar bilan ishlash osonroqmi yoki ayollar bilanmi?
Men uchun kim bilan ishlashning farqi yo‘q. Agar inson yetuk shaxs bo‘lsa, u jinsga qarab baho bermaydi va siz bilan mutaxassis sifatida muloqot qiladi.
Oxirgi uch yil davomida atrofimdagi insonlarga nisbatan e’tiborliroq bo‘la boshladim. Agar inson o‘z tamoyillari va qarashlari bilan menga yaqin bo‘lmasa, men undan uzoqlashaman.
Ishdagi hamkor sifatida erkakni hurmat qilishingiz uchun u qanday fazilatlarga ega bo‘lishi kerak?
Men ochiq fikrli, yuqori intellektga ega, kuchli mantiqiy tafakkurga ega bo‘lgan erkaklarni hurmat qilaman — diniy ekstremizmlarsiz. Ayollar sayyora aholisining yarmini tashkil etishini, ular erkaklardan hech jihatdan kam emasligini va shunchaki o‘z ishtiroki bilan ularning zerikarli hayot tarzini boyitishini tushunadigan erkaklarni.

Eski shahar ko‘chalarida o‘zi tikkan ko‘ylakda.
Shaxsiy arxivdan olingan surat.
Onalik
Onalikdagi eng qiyin narsa, bu haqda kamdan-kam gapiriladigan jihat nima bo‘ldi?
Eng qiyin narsa — farzandni erkin hayot yo‘liga qo‘yib yuborish. Shundan so‘ng onaning qalbida ko‘pincha bo‘shliq paydo bo‘ladi, hayot mazmuni yo‘qolgandek tuyuladi. Bundan qo‘rqib, ba’zi onalar farzandini yonida ushlab qolishga harakat qilib, o‘zlari sezmagan holda uning rivojlanishiga to‘sqinlik qilishlari mumkin.
Ish sababli farzandlaringiz oldida aybdorlik hissini his qilganmisiz?
Yo‘q, chunki mening ishim farzandlarimning onasini baxtli qiladi. Shu bilan birga, o‘g‘limning o‘qishini nazorat qilaman, uning oldiga maqsadlar qo‘yaman, u bilan shaxmat o‘ynayman va muhim mavzularda ko‘p suhbatlashaman. Ba’zan uyda hech kim zerikmasligi uchun ayrim vazifalarimni buvilariga topshiraman.
Bir vaqtning o‘zida ham yaxshi ona bo‘lish, ham katta martaba qurish mumkinmi?
Mumkin, agar ishingiz sizni ilhomlantirsa. Agar faqat pul topish uchun ishlayotgan bo‘lsangiz, onalik va martaba o‘rtasidagi muvozanatni uzoq vaqt saqlab qolishning imkoni bo‘lmaydi.
Shuningdek, Pareto tamoyilini qo‘llash kerak: sa’y-harakatlarning 20 foizi natijaning 80 foizini beradi.
Farzandlaringiz sizni har qanday biznesdan ham yaxshiroq nimaga o‘rgatdi?
Tez qaror qabul qilishni, hech narsani unutmaslik uchun vazifalar ro‘yxatini tuzishni va vaqtimni samarali boshqarishni.
Pul
Nima uchun siz uchun o‘zingiz pul topishingiz prinsipial jihatdan muhim?
Men boqimanda bo‘lishni istamayman. Menga qaramlik hissi yoqmaydi — go‘yo hali ham bola kabi his qilaman.
Bundan tashqari, men ta’lim va turli kurslarga ko‘p mablag‘ sarflayman. Bir kuni turmush o‘rtog‘im bitta kurs uchun qancha pul to‘laganimni bilib, juda hayratlandi. Shunda men prinsip yuzasidan shu sarflangan summani o‘zim ishlab topib, qaytarib qo‘ydim. O‘shandan beri kurslarni faqat o‘z pulimga sotib olaman.
O‘z pulingiz sizga moliyaviy mustaqillikdan tashqari yana nimani beradi?
Erkinlik — o‘zingizni erkin namoyon etish va mustaqil tanlov qilish erkinligini. O‘z qadringizni his qilish, o‘zingizga bo‘lgan ishonch, imkoniyatlaringiz va o‘z ko‘zingizdagi ahamiyatingiz ortadi.
O‘z pulingizga qilgan birinchi chinakam qimmat xaridingizni eslaysizmi? O‘shanda nimalarni his qilgansiz?
Men qizim uchun juda qimmat ta’lim kursini sotib olganman. O‘shanda faqat uning kelajagi haqida o‘ylardim va bilimiga imkon qadar ko‘proq sarmoya kiritishga harakat qilardim. O‘zimni xuddi Nuh kemasini qurayotgandek his qilganman.
Qachon o‘zingiz istagandek yashashga chindan ham qodir ekanligingizni anglab yetdingiz?
Bu tuyg‘u moliyaviy mustaqillik bilan birga kelmaydi. U siz o‘zingizga xohlaganingizdek yashashga ruxsat berganingizda paydo bo‘ladi. Atrofdagilarning fikri sizni tashvishga solmay qo‘yganda va siz boshqalarning kutganidek emas, balki o‘zingiz orzu qilgan hayotni yashay boshlaganingizda.

Shaxsiy arxivdan olingan surat.
Shaxsiy chegaralar
Endi o‘zingizga nisbatan qanday munosabatga hech qachon toqat qilmaysiz?
Yolg‘on xushomadni, ikkiyuzlamachilikni va niqoblarni yoqtirmayman — bular har doim sezilib turadi. Odamlar o‘z tasavvurlariga tayanib, men haqimda o‘zicha xulosa chiqarishini yoqtirmayman. Xiyonatni esa mutlaqo kechirmayman.
Oldin rozi bo‘lganingiz, ammo bugun endi aslo rozi bo‘lmaydigan narsalar bormi?
Endi o‘zim bilan murosaga bormayman. Meni o‘ziga tortmaydigan inson bilan uzoq muddatli munosabat qurmayman. Qadriyatlari menikidan farq qiladigan odamlar bilan esa muloqot qilmayman.
Vaqtingizni sotib olish mumkinmi? Hurmatingizni-chi?
Vaqtimni sotib olish mumkin, hurmatimni esa yo‘q.
Haqiqiy o‘z qadr-qimmatingiz siz uchun nimani anglatadi?
Faqat men bugungi kungacha qanday saboqlar va sinovlardan o‘tganimni bilaman. Va bu tajribani qadrlash yoki qadrsizlantirish faqat o‘zimga bog‘liq.
Ko‘pincha ayollar o‘z tajribasini o‘zlari qadrsizlantiradilar. Ular shunday o‘ylashadi: farzand tug‘ishni hamma biladi, pul topishni ham, kompaniyani boshqarishni ham. Ishdan keyin tunlari o‘qish, besh nafar farzandni tarbiyalash, keksaygan ota-onalar bilan yashash, ishdan qaytib butun oila uchun ovqat tayyorlash — agar “hammada shunday” bo‘lsa, bu nahotki yutuq hisoblansa? Bunda nimadan faxrlanish mumkin?
Men bunga boshqacha qarayman. Sanab o‘tilganlarning barchasini har kim ham uddalay olmaydi. Siz bosib o‘tgan sinovlardan o‘tish uchun zarur bo‘lgan shuncha kuch, g‘ayrat, sabr va donolik ham hammaga ham nasib etmaydi.
Treninglarda men doimo qizlarga bitta vazifa beraman: o‘zlarining barcha yutuqlari va o‘zlaridan faxrlangan vaziyatlarini yozib chiqish. Bu qo‘shniga yordam berish, bolani ovutishni bilish yoki hatto birinchi marta mustaqil tuxum qovurish ham bo‘lishi mumkin. Men uchun esa farzand dunyoga keltirishning o‘zi haqiqiy jasoratdir.
Shunday ro‘yxat tuzilgandan so‘ng, har qanday qizning o‘ziga bo‘lgan ishonchi va qadr-qimmat tuyg‘usi oshadi.
Doimiy harakat
Nima uchun siz uchun doimo oldinga intilish shunchalik muhim?
Hayot — bu harakat. Kasbim tufayli ko‘p vaqtimni kompyuter qarshisida o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. Ammo har bir loyiha yakunlangach, o‘zimning ikkinchi qiyofam — “sho‘x sarguzashtchi”ni ishga tushiraman va atrofimda harakat yarataman. O‘z odamlarim bilan muloqot qilish menga ulkan energiya bag‘ishlaydi.
Rivojlanishdan to‘xtagan inson bilan nima sodir bo‘ladi?
Shunda kuchli tanazzul boshlanadi. Men buni zamonaviy hayotdan ancha ortda qolib ketgan yoshi katta qarindoshlarim misolida ko‘ryapman. Bu meni hech qachon bo‘shashmaslikka, ishlashda davom etishga va turli loyihalarga qo‘l urishga undaydi.
Ba’zan hech narsa qilmay, to‘xtab qolishni istaydigan paytlaringiz bo‘ladimi?
Bo‘ladi. Ko‘pi bilan uch kun. Agar yaxshilab uxlab olsam, bir kunning o‘zi ham yetadi.
Mehnatsevarlik bilan ishga qaramlik o‘rtasidagi chegara qayerdan boshlanadi?
Mehnatsevarlik insonning o‘z ishiga bo‘lgan muhabbati bilan birga keladi. Ishga qaramlik esa insonning hayotida undan boshqa hech qanday qiziqish qolmaganida paydo bo‘ladi.
Agar hayotda ishdan boshqa ma’no qolmasa, ishning o‘zi hayotga aylanadi.
Salomatlik
Nima sababdan bir kuni shirinliklar, unli mahsulotlar va go‘shtdan voz kechgansiz?
Bunga sabab tug‘ruq vaqtida boshdan kechirgan klinik o‘limim va uzoq kutilgan farzandim onasiz qolib ketishidan qo‘rqqanim bo‘ldi. Aynan shu voqea meni bundan 20 yil avval psixologiya, farmakologiya, shifobaxsh o‘simliklar, tibbiyot va psixosomatika bo‘yicha juda ko‘p kitoblarni o‘qishga undadi.
O‘sha paytda hozirgidek internet yo‘q edi — faqat kitoblar bor edi. Men ularni ishtiyoq bilan o‘qirdim va o‘zim uchun yangi bir olamni kashf etardim. Juda ko‘p tajribalar o‘tkazdim: besh kunlik quruq ochlik amaliyotlarini sinab ko‘rdim, dorivor giyohlar yig‘masi bilan davolandim, turli damlamalar va kukunlar tayyorladim.
Hozirgacha ham uyda dorivor giyohlardan choylarni o‘zim tayyorlayman, ularni qaynonam va turmush o‘rtog‘imning sog‘lig‘i holatini inobatga olgan holda tanlayman.
Bu sog‘liq, intizom yoki o‘zingizni sevish haqidagi hikoyami?
Bu uzoq kutilgan qizim uchun o‘zimni asrab qolish haqidagi hikoya edi.
Bu qarordan keyin nafaqat tanangizda, balki ongingizda ham nimalar o‘zgardi?
Men hayotimning o‘sha davridan minnatdorman. Aynan o‘sha paytda ongim juda kengaydi. Men psixologiya va tibbiyotga chuqurroq kirib bordim, ovqatlanish tartibimni o‘zgartirdim, kuch-g‘ayratim oshganini his qildim va natijada bolaligimdan qiynab kelgan hamda klinik o‘limimga sabab bo‘lgan allergiyadan xalos bo‘ldim.
Hayotingiz sifatini eng ko‘p o‘zgartirgan odat qaysi?
Ovqatlanish tartibi. Shundan beri men ongli ovqatlanishga amal qilaman. Kuniga bir marta ovqatlanaman.
Muvaffaqiyat
Odamlar sizning muvaffaqiyatingizda nimani ko‘radilar, ammo hech qachon payqamaydi?
Ular omadni ko‘rishadi, lekin loyihalar ustida tunlari bilan qilgan mehnatlarimni sezishmaydi.
Eng ko‘p narsa uchun nimaga “to‘lashga” to‘g‘ri keldi?
Agar pul haqida gapiradigan bo‘lsam — bilim uchun to‘ladim.
Qaysi g‘alabaga erishish boshqalariga qaraganda qiyinroq bo‘ldi?
Har kim ham bosib o‘ta olmaydigan sharoitlar ustidan qozonilgan g‘alaba. Shunday vaziyatlar sabab oilalar buziladi va ayollar o‘zlarini baxtsiz his qilishadi. Men esa bu “limon”dan “limonad” tayyorlay oldim.
Muvaffaqiyat uchun to‘lashga to‘g‘ri keladigan, ammo men endi hech qachon rozi bo‘lmaydigan narx bormi?
Taqdir meni bunday murosalar oldiga qo‘ymadi. O‘z tajribamni tahlil qilib, shuni angladimki: hayotimda sodir bo‘lgan har qanday og‘ir vaziyatdan men meni yanada kuchli qiladigan ijobiy natija topa olganman.

O‘zi haqida
Sizning qaysi xususiyatingiz ko‘pincha atrofdagilarni bezovta qiladi, ammo g‘alaba qozonishingizga yordam beradi?
Vaziyatga soddaroq qaray olish va uni murakkablashtirmaslik qobiliyati.
Odamlar siz haqingizda nimani to‘g‘ri tushunishlarini istardingiz?
Men niqob taqmayman. Xayolimda nima bo‘lsa, tilimda ham shu — keyin o‘zim ham adashib qolmasligim uchun.
Agar hayotdan keyin faqat beshta qoida qoldirish mumkin bo‘lsa, ular qanday bo‘lardi?
Kam, lekin sifatli ovqatlan. O‘zing xohlagandek yashagin. Allohga shukr qil. Atrofingdagi insonlarni saralab tanla. Ko‘proq piyoda yur.
Qizingiz yoki yosh qizlardan biri bir kuni: «Aynan shu so‘zlar hayotimni o‘zgartirdi», — deb aytishini istagan fikringiz qanday bo‘lardi?
Keksayganingda eslashga arzigulik hayot kechir. Mening hayotiy shiorim: «Qilgan ishingdan afsuslanganing yaxshiroq, qilmagan ishing uchun afsuslanib yashagandan ko‘ra». Bu insonning o‘sishi va rivojlanishiga olib keladigan barcha narsalarga tegishli.
Men kasbimni tubdan o‘zgartirdim, avvalgi yutuqlarimni o‘tmishda qoldirdim va hammasini noldan boshladim. Hozir esa hech narsadan afsuslanmayman. Ha, qiyin bo‘ldi, shubhalar ham bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘imdan tashqari, menga hech kim ishonmadi. Ammo bugun o‘sha qadamni tashlashga jur’at qilganim uchun o‘zimdan minnatdorman.
Bir vaqtlar Jim Kerri ishtirok etgan «Har doim “ha” de» filmini tomosha qilganman va shunday fikrga kelganman: biz ko‘pincha takliflarni faqat ular notanish odamdan kelgani, noma’lum joy bilan bog‘liq bo‘lgani yoki hali o‘zimizni yetarlicha malakali his qilmaydigan yangi loyiha ekani uchun rad etamiz.
Filmni ko‘rgandan so‘ng men takliflarga ko‘proq «ha» deb javob beradigan bo‘ldim. Shunday qilib, men bir nechta mahalliy brendlarning modeliga aylandim va bu tajriba menga juda yoqdi.
Keyinchalik menga me’moriy yodgorliklarni restavratsiya qilish bilan bog‘liq savol bilan murojaat qilishdi. Go‘yoki men qayerdaman-u, me’moriy yodgorliklar qayerda? Ammo bu tajriba tufayli men shaharlarning tor ko‘chalarida yashiringan ko‘plab ajoyib maskanlarni ko‘rdim, restavratorlar bilan tanishdim va shunday obyektlarni saqlash bilan shug‘ullanuvchi tashkilotga tushdim.
Muallifdan
Barno Salimova bilan biz YeTTB (Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki) tomonidan TEAM universiteti, TBC Bank va Payme bilan hamkorlikda «Ayollar biznesda» dasturi doirasida tashkil etilgan ayol tadbirkorlar uchun Moving Up biznes-akseleratorining ikkinchi oqimi davomida tanishdik. Birinchi uchrashuvlardanoq men undagi noyob fazilatni payqadim: Barno nafaqat o‘zi doimo oldinga intiladi, balki boshqalarga ham o‘z imkoniyatlarini ko‘rishga, o‘ziga ishonishga va keyingi qadamni tashlashga yordam beradi. U ayollarni chin dildan qo‘llab-quvvatlaydi, ularning loyihalari haqida gapiradi, bizneslarini rivojlantirishga yordam beradi va atrofida yangi tanishuvlar hamda g‘oyalar tug‘iladigan hamjamiyat yaratadi.
Barcha faolligiga qaramay, Barno e’tiborli qiz va g‘amxo‘r ona bo‘lib qolmoqda. U onasining orzusini amalga oshirib, uni Makkaga olib bordi. Moskvada dizaynerlik yo‘nalishida tahsil olayotgan katta qizini qo‘llab-quvvatlaydi va kichik o‘g‘lining rivojlanishi bilan ham ko‘p shug‘ullanadi. U ochiqko‘ngil, serg‘ayrat, ijodkor — o‘z qo‘llari bilan go‘zallik yaratadi va atrofidagi insonlarni osongina birlashtira oladi. Aynan shuning uchun Barno Hamroh kompaniyasi BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ayol tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturi — Women Entrepreneurship Support Programme’da dars berishini bilganimdan so‘ng, uning ma’ruzalariga yozildim.
«Yuz so‘mga ega bo‘lma, yuzta do‘sting bo‘lsin», deyishadi. Hayotda shunday ayollar uchraganda, bu maqolning haqiqiy ma’nosini tushunasan. Men uchun Barno Salimova bilan tanishuv qadrlashni istaydigan taqdir sovg‘alaridan biri bo‘ldi. Aynan shuning uchun u haqda Ayol Qadri o‘quvchilariga hikoya qilishga qaror qildim.
Barno Salimovaning loyihalari




Shaxsiy arxivdan olingan surat.

Shaxsiy arxivdan olingan surat.


