Buyuk Britaniya, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiyadan kelgan o‘n nafar fikr yetakchisi, jumladan to‘rt nafar ayol ultramarafonchi, Ustyurt platosidagi bo‘lajak ARAL ULTRA poygasi yo‘nalishini birinchi bo‘lib bosib o‘tdi.

23–24-may kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lajak ARAL ULTRA ultramarafoni yo‘nalishi bo‘ylab yugurish ekspeditsiyasi bo‘lib o‘tdi. ARAL ULTRA — Samarkand Marathon xalqaro xayriya yugurishlar seriyasining yangi bosqichi hisoblanadi. Buyuk Britaniya, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiyadan kelgan o‘n nafar fikr yetakchisi hamda sportchi bo‘lajak poyga trassasi bilan birinchi bo‘lib tanishish va mintaqa haqida o‘z auditoriyalariga hikoya qilish maqsadida Ustyurt platosi bo‘ylab jami 100 kilometr masofani bosib o‘tdi.

Ayollarning ishtiroki alohida e’tiborga loyiq: ekspeditsiyaning o‘n nafar ishtirokchisidan to‘rt nafari O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning ayollar ultramarafon hamjamiyati vakillari edi. Ular orasida Marathon des Sables marafonini yakunlagan Markaziy Osiyodagi ilk ayol, Oceanman musobaqasining 10 kilometrlik masofasini bosib o‘tgan O‘zbekistondagi ilk ayol, shuningdek, yirik xalqaro ultramarafonlarda qatnashish tajribasiga ega sportchilar ham bor edi.
Ekspeditsiyada quyidagi ishtirokchilar qatnashdi:
– Shirin Abduvahitova (Toshkent, O‘zbekiston) – treyl-yuguruvchi, Cappadocia Ultra-Trail (119 km) marrachisi, fikr yetakchisi;
– Alina Tyo (Toshkent, O‘zbekiston) – triatlet, Oceanman musobaqasining 10 kilometrlik masofasini yakunlagan O‘zbekistondagi ilk ayol, fikr yetakchisi;
– Anna Permyakova (Moskva, Rossiya) – treyl-yuguruvchi, ultramarafonchi;
– Saniya Jailaubekova (Olmaota, Qozog‘iston) – ultramarafonchi, Marathon des Sables (270 km) marafonini yakunlagan Markaziy Osiyodagi ilk ayol;

Ekspeditsiya yo‘nalishi 2026-yil 3–4-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan ARAL ULTRA asosiy poygasi trassasini to‘liq takrorladi. Yugurish tong saharda Ustyurt platosida boshlandi va quyosh botishi paytida G‘arbiy Orol dengizining hozirgi qirg‘oq chizig‘ida yakunlandi. Yo‘nalishning umumiy davomiyligi taxminan 14 soatni tashkil etdi.
Ekspeditsiyada xalqaro yugurish hamjamiyati vakillari, ultramarafonchilar, triatletlar, sport tadbirlari tashkilotchilari va kontent yaratuvchilari ishtirok etdi. Ularning har biri yo‘nalishning o‘ziga biriktirilgan 10 kilometrlik qismini bosib o‘tdi.

Safar yakunlari bo‘yicha yo‘nalishni bosib o‘tish, Ustyurt platosining tabiiy landshaftlari va Orolbo‘yi mintaqasi bilan tanishishga bag‘ishlangan o‘nta videokundalikdan iborat turkum e’lon qilinadi.
Tashkilotchilar ta’kidlashicha, loyiha “ilk kashfiyotchilar ekspeditsiyasi” g‘oyasidan ilhomlangan. Unda nafaqat sport natijasi, balki noyob tabiiy landshaftlarni ko‘rish, mintaqa madaniyati bilan tanishish va Orolbo‘yiga xalqaro auditoriya e’tiborini jalb etish imkoniyati ham muhim ahamiyatga ega.

«ARAL ULTRA orqali biz dunyoga mintaqaning yangi qiyofasini — betakror tabiati, boy madaniyati va boshqa hech qayerda his qilib bo‘lmaydigan o‘ziga xos muhitga ega maskanni ko‘rsatmoqchimiz. Biz sport hududlarni yangicha kashf etishga qodirligiga ishonamiz — bu shaxsiy tajriba, his-tuyg‘ular va dunyoning turli burchaklaridan bu yerga keladigan insonlarning hikoyalari orqali ro‘y beradi. ARAL ULTRA yugurish turizmni rivojlantirish, madaniy muloqot va mintaqaga xalqaro miqyosda e’tibor qaratish vositasiga aylanayotgan platformadir», — dedi marafonlarni amalga oshirish bo‘limi boshlig‘i va seriya kuratori Mirxan Sagitov.
ARAL ULTRA — Samarkand Marathon xalqaro xayriya yugurishlar seriyasining yangi bosqichi hisoblanadi. Asosiy poyga 2026-yil 3–4-oktabr kunlari Ustyurt platosida bo‘lib o‘tadi. Ishtirokchilar uchun 100, 50, 25 va 15 kilometrlik treyl-ranning masofalari taqdim etiladi.
Musobaqaning o‘ziga xos jihatlaridan biri marra chizig‘i bo‘ladi. U har yili Orol dengizining qirg‘oq chizig‘i bilan birga o‘zgarib boradi va ishtirokchilarga mintaqa ekotizimining mo‘rtligi hamda landshaftdagi davom etayotgan o‘zgarishlarni eslatib turadi.
Samarkand Marathon seriyasi mamlakatdagi eng yirik yugurish tadbirlarini, jumladan Samarkand Marathon, Bukhara Night Race, Sky Camp Bo‘stonliq, ZAAMIN ULTRA va yangi ARAL ULTRA startini birlashtiradi. Seriya doirasida yig‘ilgan barcha mablag‘lar yugurish musobaqalari o‘tkaziladigan hududlarda bolalar sport maydonchalarini barpo etishga yo‘naltiriladi.

Foto va ma’lumotlar O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi (ACDF) tomonidan taqdim etildi.
Генеральные партнеры ARAL ULTRA:
- Xalq Banki
- Xazna
- Apex Insurance
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi
- O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi
- O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi
Ro‘yxatdan o‘tish ma’lumotlari
Ro‘yxatdan o‘tish boshlanishi haqidagi ma’lumot Samarkand Marathon Series’ning rasmiy sahifasida e’lon qilinadi: