Michelin tomonidan e’tirof etilgan restoranning 54-qavatida o‘tirib, yangi trufel qo‘shilgan rizottodan tatib ko‘rayotganingizda va qarshingizda Burj Khalifa qad rostlab turganida, sayohat faqat diqqatga sazovor joylardan iborat emasligini tushunasiz. Ba’zan safarga chiqish uchun sabab boshqa hech qayerda takrorlab bo‘lmaydigan taassurotlar bo‘ladi.
Bugun gastronomiya sayohatchilarni Dubayga qayta-qayta qaytaradigan sabablarning biriga aylangan. Ular bu yerga Yaqin Sharq an’analarini ta’m va hidlar orqali kashf etish, stolini bir necha hafta oldin band qilish kerak bo‘lgan restoranlarni sinab ko‘rish va uzoq vaqt yodda qoladigan lahzalarni boshdan kechirish uchun kelishadi. Men uchun esa bu shahar bilan tanishuv chinakam sehrli taassurotga aylandi.
Sayohat Dubay Iqtisodiyot va turizm departamenti tomonidan tashkil etildi.
TOTÓ Vini E Cucina

Italiya kinosidan ilhomlangan bu restoran ilk qadamdanoq o‘z kayfiyatini belgilaydi: mayin yorug‘lik, nafis interyer va go‘yo Rimning oqshomiga tushib qolgandek hissiyot. Bu yerda italyan va O‘rta yer dengizi oshxonasining klassik taomlari hashamatli talqinda taqdim etiladi – pasta, go‘shtli taomlar va puxta tanlangan vinolar.
Mehmonlar restoran muhitini va xizmat ko‘rsatish darajasini deyarli bir ovozdan yuqori baholaydilar. Ular ayniqsa detallarga bo‘lgan e’tibor va mahsulotlar sifatini alohida ta’kidlashadi. Narxlar Dubayning premium segmentiga mos, biroq ko‘pchilikning fikricha, kechki ovqatdan olgan taassurot bunga arziydi.



CÉ LA VI

Address Sky View mehmonxonasining 54-qavatida joylashgan CÉ LA VI alohida kunlar uchun mo‘ljallangan restoranlardan biridir. Hovuzli terassasidan Dubay va Burj Khalifaning eng go‘zal panoramik manzaralaridan biri ochiladi. Aynan shu manzara sababli bu yerda stollarni oldindan bron qilishadi.
Oshxonaga dunyoning turli mamlakatlaridagi Michelin restoranlarida 11 yildan ortiq faoliyat yuritgan oshpaz Govard Ko rahbarlik qiladi. Menyuda zamonaviy Osiyo va xalqaro oshxona uyg‘unlashgan bo‘lib, unda Chili dengiz levregidan tortib qora trufelli rizottogacha bo‘lgan taomlarni uchratish mumkin.
CÉ LA VI taomlarning ta’sirchan taqdimoti, jonli musiqa va benuqson xizmati bilan qadrlanadi. Ha, narxlar yuqori va bu yerda nafis kiyinish uslubi talab etiladi. Ammo tungi Dubay manzarasi qarshisida o‘tkazilgan kechki ovqat bu maskan o‘z maqomiga to‘liq munosib ekanini isbotlaydi.



Arabian Tea House
Arabian Tea House – Dubaydagi eng atmosferali restoranlardan biri bo‘lib, bu yerda gastronomiya madaniy tajribaning bir qismiga aylanadi. Bundan 25 yildan ortiq vaqt avval, autentiklik hali trendga aylanmagan davrda tashkil etilgan bu maskan shahardagi an’anaviy arab hovlisi muhitini qayta yaratgan ilk kafega aylangan.
Oppoq mebellar, paxtali pardalar, yam-yashil o‘simliklar va mayin firuza rang aksentlar salqinlik va shoshilmasdan dam olish hissini uyg‘otadi. Menyu amirliklarning an’anaviy oshxonasiga asoslangan bo‘lib, unda machboos va humusdan tortib turli go‘shtli taomlargacha mavjud. Choy esa bu yerda oddiy ichimlik emas, balki o‘ziga xos marosim sifatida tortiladi.
Restoranning eng mashhur filiali tarixiy Al-Fahidi mahallasida joylashgan bo‘lib, u sayyohlar va mahalliy aholi orasida birdek mashhur.
Kinugawa, Jumeirah Marsa Al Arab
Fransuzcha uslub bilan boyitilgan yapon oshxonasi va Dubaydagi eng go‘zal manzaralardan biri. Kinugawa – mashhur fransuz gastronomik loyihasi bo‘lib, Yaqin Sharqdagi ilk restoranini aynan Jumeirah Marsa Al Arab majmuasida ochgan.
Restoran dumaloq hovuz bo‘yida joylashgan bo‘lib, u yerdan Burj Al Arab va Jumeirah sohillarining keng panoramasi ochiladi. Interyer yaponona soddalik va parijcha nafislik o‘rtasidagi nozik muvozanat asosida yaratilgan. Bu yerda ortiqcha bezaklar yo‘q, biroq makon yorug‘lik, kenglik va asta-sekin namoyon bo‘ladigan mayda detallar bilan to‘ldirilgan.
Menyuda zamonaviy yapon oshxonasi taqdim etiladi. Miso sousida marinadlangan qora treska, yuzu sousi va yashil chili bilan tayyorlangan yellowtail karpachchosi, dengiz mahsulotlari hamda go‘shtli taomlar nafis va puxta o‘ylangan ta’mlari bilan ajralib turadi. Taomlar ortiqcha murakkablashtirilmagan, ammo teksturalari va umami ta’mining musaffoligi tufayli uzoq vaqt yodda qoladi.
Studio Frantzén, Atlantis, The Palm
Studio Frantzén restorani Atlantis, The Palm mehmonxonasining quyi qavatida joylashgan. Bu mashhur shved oshpazi Byorn Frantsenning Yaqin Sharqdagi ilk loyihasi bo‘lib, uning Stokgolmdagi uch Michelin yulduziga sazovor bo‘lgan flagman restoranining mantiqiy davomidir.
Bu yerda skandinavcha qat’iyat, yaponcha aniqlik va fransuz oshpazlik mahorati uyg‘unlashgan. Interyer iliq va kamerali muhitga ega: xira yorug‘lik, chuqur kreslolar, qulaylik hissi va ta’mga qaratilgan e’tibor bu maskanning asosiy xususiyatlaridan biridir.
Menyudan dudlangan suyak iligi va ignabargli o‘simliklar ifori bilan tayyorlangan mol go‘shti, kashnich va karri bilan tortiladigan langust, shuningdek, sariyog‘li sous, anchous va ikra bilan beriladigan mashhur tyurbo balig‘ini tatib ko‘rishga arziydi. Kechki ovqatni esa eng yaxshisi «Shirinliklar xonasi»da yakunlash kerak — bu yerda desertlar alohida taassurotga aylanadi.