Qizim bilan muzeyga belgilangan vaqtdan oldin yetib keldik – bizni kechikmaslik ma’qul ekani haqida ogohlantirishgandi. Etihad muzeyiga ekskursiyamizni ham, Dubayga qilgan butun safarimizni ham Dubay Iqtisodiyot va turizm departamenti tashkil etgan edi.
Qidiruv tizimiga «Etihad muzeyi» deb yozishingiz bilan ko‘zingizga hayratlanarli suratlar va maqtovlarga to‘la sharhlar tashlanadi. Bu yerda BAAning yuragi urib turadi. Bu maskanga me’morchilik va dizaynni ko‘rish, zarralab yig‘ilgan tarixiy xotirani his qilish hamda mamlakat o‘z tarixini naqadar mehr bilan hikoya qilishiga guvoh bo‘lish uchun kelishga arziydi.

Surat Dubay Iqtisodiyot va turizm departamenti tomonidan taqdim etilgan.
2017-yilda «Madaniyat sohasidagi eng yaxshi maskanlar» mukofoti taqdirlash marosimida Etihad Yaqin Sharq va Afrikadagi eng yaxshi yangi muzey deb topildi. Muzey binosi Jumeirah 1 ko‘chasida, Shayx Rashid bin Said Al Maktumning sobiq qarorgohi hududida joylashgan. Bu mamlakatning eng muhim diqqatga sazovor joylaridan biri bo‘lib, aynan shu yerda butun davlat taqdirini belgilagan tarixiy qaror qabul qilingan.
Ko‘zni birinchi bo‘lib tortadigan narsa – bu binoning o‘zi. U o‘ralgan qog‘oz varag‘ini eslatadi va bu shunchaki chiroyli metafora emas. Keyinroq bizga tushuntirishlaricha, bino me’morchiligi Birlashuv bitimiga ishora qiladi, oppoq marmar foyedagi yettita qiya ustun esa 1971-yilda Konstitutsiyani imzolashda ishlatilgan oltin ruchkalarni ramziy ifodalaydi. Bularning barchasi darhol anglashilmaydi, biroq tarix nafasi binoga kirishdan oldin ham seziladi.
Ekskursovodni kutayotganimizda panoramali derazalar yoniga bordim. Binoni o‘rab turgan suv havzasi ustida bir o‘rdak suzib yurardi, ortidan esa bir to‘da jo‘jalari ergashib kelardi. Yana bir necha ayol ham qushlarni tomosha qilish uchun to‘xtadi. Biz bir-ikki kadr olishga ham ulgurmay, yonimizga ekskursovod keldi. Ma’lum bo‘lishicha, Yekaterina ham Toshkentdan ekan. U bizga qaysi tilda ma’lumot tinglash qulay bo‘lishini so‘radi. U an’anaviy qora abaya kiygan, sochlari esa shayla ro‘moli bilan yopilgan edi. Katya Dubayda 12 yildan beri yashaydi, shundan to‘qqiz yilini ekskursovod sifatida ishlagan. «Bu yerda qanday, u yerda qanday?» degan suhbatimiz asta-sekin muzey haqidagi hikoyaga ulanib ketdi.

Surat Etihad muzeyi tomonidan taqdim etilgan.
Menga muzey ekspozitsiyasining tarixni o‘zi hikoya qilib berishi yoqdi. Hammasi Dubay va Abu-Dabidan boshlangan. Aynan ularning hukmdorlari – Shayx Rashid va Shayx Zayid – birinchi bo‘lib muzokara stoliga o‘tirib, umumiy kelajak haqida kelishib olishga harakat qilgan. Vaqt o‘tishi bilan bu qarorga boshqa amirliklar ham qo‘shildi. Shunday qilib, 1971-yilda yangi davlat – Birlashgan Arab Amirliklari tashkil topdi. Ras al-Xayma esa federatsiya tarkibiga biroz keyinroq, 1972-yilda qo‘shildi.

Surat Etihad muzeyi tomonidan taqdim etilgan.
Asosiy pavilyonlardan tashqari, bu yerda ko‘rgazma maydonlari, kutubxona, ta’lim markazi va restoran ham mavjud. Eksponatlar orasida shaxsiy buyumlar, hujjatlar va aksessuarlarni ko‘rish mumkin. Bular mayda detallar bo‘lib tuyulishi mumkin, ammo aynan ular tarixni jonlantiradi. Ekspozitsiya boshida bizni yetti amirning yirik portretlari kutib oladi va shu zahoti barcha qarorlar ortida aniq insonlar turganini his qilasiz.

Surat Etihad muzeyi tomonidan taqdim etilgan.
Yekaterina bizga muzey me’morchiligi haqida ham so‘zlab berdi. Bino oddiy muzey sifatida emas, balki mamlakat tug‘ilgan lahzaning timsoli sifatida loyihalashtirilgan. Ichkariga yorug‘lik turli shakldagi ochiq joylar orqali kiradi, yerosti yo‘laklari esa Union House – Birlashuv bitimi imzolangan tarixiy maskanga olib boradi. Tashqarida esa 1971-yildagi Jumeirah qirg‘oq chizig‘i qayta tiklangan bo‘lib, u yerda ko‘l va qumli sohilni ko‘rish mumkin.
Union House yonidagi bog‘ga chiqqanimizda, bayroq ustuni oldida maktab o‘quvchilari bayroq ko‘tarish marosimiga tayyorgarlik ko‘rayotgan edi. O‘sha kun 3-noyabr – Bayroq kuni edi. Muzeyning sokin zallaridan keyin bu manzara tarixning jonli davomi kabi taassurot qoldirdi. Biz bayroq ko‘tarilishini tomosha qilib, so‘ng amirlik-shahar bo‘ylab sayohatimizni davom ettirdik.

Surat: Ritu Manoj Jethani / Shutterstock.
Qanday borish mumkin: muzeyga metro ham, avtobus ham qatnamaydi. Shu sababli bu yerga yetib borishning eng qulay yo‘li taksidan foydalanishdir.